Revolution Global’da kompaniya jamoasini bir maydonda jamlagan SUMMER VIBES tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda yoz davomida amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilinib, yo‘nalishlar bo‘yicha erishilgan natijalar va kelgusi davr uchun belgilangan rejalar taqdim etildi. Tadbirni Revolution Global asoschisi Yo‘ldoshboy Sultonov o‘z taqdimoti bilan boshlab berdi. U kompaniya oldida turgan yangi maqsadlar, rejalashtirilayotgan yirik loyihalar va ularni amalga oshirishda jamoaviy yondashuvning ahamiyatiga alohida e’tibor qaratdi.
“Oldimizda katta loyihalar bor. Bunday maqsadlarga alohida bo‘limlarning natijasi bilan emas, bir maqsad atrofida birlashgan kuchli jamoa bilan erishamiz”, — deya ta’kidladi Yo‘ldoshboy Sultonov.
Natijalardan yangi imkoniyatlar sari
SUMMER VIBES davomida Revolution Global tarkibidagi yo‘nalishlar o‘z taqdimotlari bilan ishtirok etdi.
Avtomato jamoasi platformani rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar va navbatdagi rejalarni taqdim etdi. Shuningdek, to‘lov o‘tkazmalari bilan bog‘liq yo‘nalishdagi yangi yechimlar va istiqboldagi vazifalar muhokama qilindi.
REVO Lab yoz davomida amalga oshirilgan loyihalar va tashabbuslar bo‘yicha sarhisob berdi. Taqdimotda yangi g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlash va ularni amaliy loyihalarga aylantirish yo‘lida bajarilgan ishlarga alohida e’tibor qaratildi.
Nisbatan qisqa vaqt ichida faoliyatini shakllantirgan REVO Media jamoasining natijalari tadbirning e’tiborga molik qismlaridan biri bo‘ldi. Qisqa davrda amalga oshirilgan media loyihalar va erishilgan natijalar ishtirokchilar tomonidan ijobiy kutib olindi.
Kompaniyaning HR yo‘nalishi esa ichki jarayonlarni tizimlashtirish, jamoa bilan ishlash va korporativ boshqaruvni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarni taqdim etdi. Bu yo‘nalishdagi o‘zgarishlar kompaniyaning o‘sishi bilan bir qatorda ichki tizimlarni ham mustahkamlashga e’tibor qaratilayotganini ko‘rsatdi.
Natijaning ortida — xodimlar turadi
SUMMER VIBES nafaqat bajarilgan ishlarni sarhisob qilish, balki ularning ortida turgan insonlar mehnatini e’tirof etish maydoni ham bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Revolution Global rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan eng faol xodimlar taqdirlandi. Bu e’tirof jamoaning bugungi natijalariga berilgan baho bo‘lishi bilan birga, oldindagi yangi marralar uchun ham muhim motivatsiya bo‘ldi.
SUMMER VIBES Revolution Global uchun yozgi mavsumning yakuni emas, yangi bosqichning boshlanishi bo‘ldi.
Kompaniya oldida yangi loyihalar, yangi imkoniyatlar va yanada katta maqsadlar turibdi. Endigi asosiy vazifa esa turli yo‘nalishlarda shakllanayotgan kuch va tajribani yagona maqsad atrofida birlashtirib, keyingi natijalarni birgalikda yaratishdir.