O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vaziri maslahatchisi Sakurai Akihiro Revolution Global'ning Xorazm viloyatidagi ofisiga tashrif buyurdi

O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vaziri maslahatchisi Sakurai Akihiro Revolution Global'ning Xorazm viloyatidagi ofisiga tashrif buyurdi

 Tashrif davomida kompaniyaning faoliyati, amalga oshirilayotgan innovatsion loyihalari hamda kelgusidagi rivojlanish strategiyasi bilan yaqindan tanishildi.

Bugungi kunda Revolution Global O‘zbekistonda xususiy IT sektorida faoliyat yuritayotgan innovatsion kompaniyalardan biri bo‘lib, IT Park rezidenti sifatida raqamli mahsulotlarni ishlab chiqish, bizneslarni raqamlashtirish, startup ekotizimini rivojlantirish hamda yosh mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishida izchil faoliyat olib bormoqda. Kompaniya zamonaviy texnologiyalar asosida yaratilayotgan yechimlari orqali mamlakatning raqamli iqtisodiyotini rivojlantirish va eksport salohiyatini oshirishga munosib hissa qo‘shmoqda.

 Uchrashuv davomida kompaniyaning yosh dasturchilar jamoasi, innovatsion ishlanmalari, REVO Lab orqali istiqbolli startup va texnologik loyihalarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari hamda Avtomato platformasining bizneslarni raqamlashtirishdagi imkoniyatlari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

 Shuningdek, yaqinda faoliyatini boshlagan REVO Media loyihasi ham taqdim etildi. Sakurai Akihiro janoblari zamonaviy media bugungi kunda nafaqat axborot tarqatish vositasi, balki IT sohasidagi innovatsiyalarni, yoshlar salohiyatini hamda muvaffaqiyatli loyihalarni keng jamoatchilikka samarali yetkazishda muhim ahamiyat kasb etishini ta'kidladi.

 U, shuningdek, REVO Media faoliyatiga yuqori baho berib, IT va media yo‘nalishlarining yagona platformada uyg‘unlashuvi nafaqat Xorazm viloyati, balki butun O‘zbekistonning raqamli ekotizimini rivojlantirishda muhim o‘rin tutishini qayd etdi.

 Uchrashuv yakunida tomonlar xalqaro tajriba almashish, hududlarda innovatsion muhitni rivojlantirish, yosh mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlash hamda istiqbolli loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni yanada kengaytirish masalalarini muhokama qildilar.

Mazkur tashrif Revolution Global kompaniyasining IT Park rezidenti sifatida amalga oshirayotgan faoliyati, innovatsion tashabbuslari va mamlakat raqamli transformatsiyasiga qo‘shayotgan hissasiga berilgan e'tiborning yana bir yorqin ifodasi bo‘ldi.

Boshqa yangiliklar