Axborot texnologiyalari sohasi vakillari faqatgina kompyuter qarshisida emas, balki yashil maydonda ham o'zlarining naqadar kuchli va jipslashgan jamoa ekanliklarini isbotladilar. REVO Global kompaniyasining 5 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan yirik "REVO DAY 2025" tadbiri doirasida, 6-aprel kuni Urganch shahrida IT va Fintech kompaniyalari o‘rtasida kutilgan REVO CUP 2025 futbol turniri bo‘lib o‘tdi.
Ushbu sport bayrami shunchaki g'oliblik uchun kurash emas, balki O'zbekiston texnologik ekotizimi vakillari o'rtasida sog'lom turmush tarzini targ'ib qilish hamda ajoyib networking (aloqalar o'rnatish) maydonchasini yaratish maqsadida tashkil etildi.
Maydonda 8 ta kuchli jamoa bellashuvi
Turnirda O'zbekistonning yetakchi IT va moliya texnologiyalari kompaniyalaridan tashkil topgan 8 ta jamoa ishtirok etdi va o'zaro kuch sinashdi:
- TezPay
- REVO
- Unired
- Asaxiy
- MilliyPay
- ApexTech
- IT-FORELEAD
- UZINFOCOM
Har bir o'yin murosasiz kurashlarga, qiziqarli vaziyatlarga va tomoshabinlarning qizg'in qo'llab-quvvatlashiga boy bo'ldi. Maydonda IT mutaxassislari strategik fikrlash faqatgina kod yozishda emas, balki futbol taktikalarida ham asqotishini amalda ko'rsatib berdilar.
G'oliblar va o'ziga xos mukofotlar
Musobaqaning eng qiziqarli jihatlaridan biri – uning mukofot fondi bo'ldi. REVO jamoasi mutaxassislarning nafaqat jismoniy, balki intellektual rivojlanishini ham qo'llab-quvvatlash maqsadida g'oliblarga pul mukofotlari bilan birgalikda yirik kitoblar to'plamini ham taqdim etdi:
🥇 1-o‘rin (MilliyPay): 3 000 000 so‘m pul mukofoti va jamoa uchun 50 ta sara kitoblar to‘plami;
🥈 2-o‘rin (Unired): 2 000 000 so‘m pul mukofoti va 20 talik kitoblar to‘plami;
🥉 3-o‘rin (TezPay): 1 000 000 so‘m pul mukofoti va 5 talik kitoblar to‘plami.
Maxsus minnatdorchilik
Ushbu yirik sport bayramini yuqori saviyada tashkillashtirishda o'zining moliyaviy va amaliy ko'magini ayamagan bosh homiylarimiz — TezPay kompaniyasi hamda Asaxiy.uz internet do'koniga o'zimizning chuqur minnatdorchiligimizni bildiramiz.
REVO jamoasi kelgusida ham IT hamjamiyatini turli loyihalar, olimpiadalar va sport tadbirlari orqali birlashtirishda davom etadi. Sog'lom tanda — sog'lom aql!
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring: @RevolutionGlobalLLC